.

Toshkent

Toshkent – Oʻzbekistonning poytaxti va eng yirik shahri boʻlib, aholisi boʻyicha Markaziy Osiyodagi eng yirik qadimiy shaharlardan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonning shimoli-sharqiy qismida, Qozogʻiston bilan chegaraga yaqin qismda joylashgan boʻlib, maydoni 631.29 km2 ni tashkil etadi. 2024-yilning 1-iyulidagi maʼlumotlarga koʻra, Toshkent aholisi 3 075 000 nafar kishini (Oʻzbekiston aholisining qariyb 9 foizi) tashkil etadi[2]. 2024-yilning birinchi kvartal maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahrining YIMi $25 milliardni tashkil etadi va bu koʻrsatkich Oʻzbekistondagi eng katta YIMga ega shahar boʻlib kelmoqda.

Milodiy VIII asr oʻrtalarida islomiy taʼsir boshlangunga qadar, Toshkentga sugʻd va turkiy madaniyat taʼsir koʻrsatgan. 1219-yilda Chingizxon Toshkentni vayron qilganidan soʻng, shahar qayta tiklandi va Buyuk Ipak yoʻlidan foyda koʻrdi. XVI-XVII asrlarda Toshkent Shayboniylar va Ashtarxoniylar davlati tarkibida boʻlgan. XVIII–XIX asrlardan boshlab ushbu shahar Qoʻqon xonligi tomonidan zabt etilgunga qadar, mustaqil shahar-davlatga aylangan edi. 1865-yilda Toshkent Rossiya imperiyasi tarkibiga kirdi hamda Turkiston general-gubernatorligi markazi boʻldi. Sovet davrida bu shahar butun Sovet Ittifoqining majburiy deportatsiyasi tufayli katta oʻsish va demografik oʻzgarishlarga guvoh boʻlgan.

.

Toshkent 2200-yildan ortiq tarixga ega[10]. Bu davr ichida u mudofaa devori bilan oʻralgan qalʼadan jahondagi yirik shaharlardan biri, Oʻzbekiston Respublikasining poytaxtigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. Asrlar davomida shahar oʻzining tinch hayotidagi muhim voqealarni va suronli jangu jadallarni, yuksalish va inqiroz davrlarini boshidan kechirdi. Necha bor shahar vayron boʻlib, qayta qad koʻtardi. Toshkent oʻrnidan necha bor siljib, nomi xam bir necha marta oʻzgardi. Xoja Ahror Valiy, Shayx Umar Bogʻistoniy, Abu Bakr Shoshiy, Abu Sulaymon Banokatiy, Hofiz Koʻhakiy kabi buyuk allomalar shu hududda yashab, ijod etganlar.

Shahar sifatida Toshkent haqidagi birinchi maʼlumotlar eramizdan avvalgi II asrdagi qadimgi-sharqiy manbalarda uchraydi; Xitoy manbalarida Yuni deb atalgan; Fors shohi Shоpur I eramizdan avvalgi 262-yildagi „Zardusht Kaʼbasi“ qaydnomalarida Toshkent vohasi Choch deb nomlangan. Choch – oltin eksporti, qimmatbaho toshlar, shirinliklar va aslzot otlarni boshqa shahar va mamlakatlarga olib oʻtishdagi yoʻlning chorrahasida joylashgan. „Tosh shahar“ maʼnosini anglatuvchi bugungi Toshkent – zamonaviy respublikaning poytaxti, oʻtmish maʼlumotlarini saqlovchi, Oʻzbekiston tarixi haqida koʻp maʼlumotlarni xotirlovchi, 2 milliondan ortiq aholisi boʻlgan bu shahar Markaziy Osiyoning eng katta industrial markazlaridan biridir.[manba kerak]

Toshkentning uzoq oʻtmishi va u qad koʻtargan qadimgi Choch yoki Shosh viloyati haqidagi maʼlumotlar yozma manbalarda xilma-xil hamda uzuq-yuluq tarzda aks etgan. Zardushtiylarning qadimgi muqaddas kitobi Avesmona Sirdaryo havzasidagi mamlakat „Turon“, aholisi esa „tur“lar deb yuritilgan. Bu oʻlkada tur qavmlari urugʻ va qabila oqsoqollarining diniy va siyosiy qarorgohi – Qangʻxa (Qangʻa) shahri borligi tilga olinadi.

Toshkent haqidagi dastlabki aniqroq maʼlumotlar miloddan avvalgi 2-asr – milodiy 5-asrlarga mansub Xitoy manbalarida uchraydi. Ularda Toshkent viloyati qadimda Loyuyeni, Yuni, soʻngra Chjeshe, Chjechji, Chjesi va Shi deb nomlangan. Bu atamalar (avvalgi ikkitasidan tashqari) „Choch“ soʻzining xitoycha talaffuz etilishi natijasida hosil boʻlib, hatto oxirgi „Shi“ toponimi xitoychada „tosh“ maʼnosini anglatgan.

Miloddan avvalgi 3-asrda qadimgi Choch viloyatida tashkil topib, milodning 3-asrlarigacha hukm surgan „Qangʻ“ („Qangʻa“ yoki „Qangʻxa“) davlati Xitoy yozma manbalarida „Kangkiya“ („Kanizyuy“) nomlari bilan tilga olinadi. Qadimgi toxarlar tilida „qangʻ“ soʻzi ham „tosh“ maʼnosini anglatgan. Bu davlatning poytaxti – Bityan shahri boʻlib, u Iosha-Xasart daryosi (Sirdaryo) boʻyida joylashgan. Bityan shahri Davan (Fargʻona vodiysi)dan 1510 li (528 km) masofada boʻlgan. Bityan shahrining bizgacha saqlanib qolgan xarobalari mahalliy aholi oʻrtasida „Qanqatepa“ nomi bilan mashhur. U Toshkentdan 70 km janubda – Sirdaryoga yaqin yerda, Ohangaron daryosining qurib qolgan qadimgi oʻzani boʻyida joylashgan. Arxeologik maʼlumotlardan maʼlum boʻlishicha, Qanqatepa miloddan avvalgi 3-asrdayoq atrofi mudofaa devori bilan oʻralgan hamda arkli katta shahar boʻlib, maydoni 160 gektarga teng boʻlgan. Qadimgi Qangʻ davlatining fuqarolari ham „qangʻar“, „qanzar“, keyinchalik „qanhi“, „qangʻli“ yoki „qaʼni“ deb nomlangan. Ular (qanqalar) hindlarning qadimgi kitobi „Mahabharata“da saklar va toxarlar nomlari qatorida tilga olingan. Yozma manbalarda keltirilishicha, Toshkentning qadimgi nomi „Choch“ boʻlgan. Toshkent arablar tasarrufiga oʻtgach, arab alifbosida „ch“ harfining yoʻqligi bois arabiy asarlarda „Shosh“ deb yuritilgan. Ilk oʻrta asrlarda u „Choch“, „Shosh“, „Shoshkent“, „Madinat ash Shosh“, „Binkat“ va „Tarkan“ deb nomlangan. Toshkent haqidagi dastlabki maʼlumotlar mahalliy olimlar (Xorazmiy) va tarixchi geograflardan Tabariy, Istahriy asarlarida uchraydi. Istahriyning „Kitob al masolik val mamolik“ („Yoʻllar va mamlakatlar toʻgʻrisidagi kitob“)ida Shoshning bosh shahri Binkat deb koʻrsatiladi. 10-asrda yozilgan (muallifi nomaʼlum) „Hudud ul Olam“ („Olamning chegaralari“) kitobida „Choch bu katta viloyat, xalqi jangovar va sahiydir. U yerda kamon va oʻqyoy yasaladi. Binkat Chochning poytaxti hisoblanadi. Bu katta shahar, ayni vaqtda podshoning qarorgohidir“, deb taʼriflanadi. Firdavsiyning „Shohnoma“ asarida Choch oʻzining kamoni Shoshiy (oʻqyoylari) bilan mashhurligi haqida misralar bor.

Shahar „Toshkent“ nomi bilan dastavval 11-asrning mashhur allomalari – Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Qoshgʻariyning asarlarida tilga olinadi. Beruniy „Hindiston“ asarida Toshkent nomining kelib chiqishi toʻgʻrisida soʻz yuritib, „Tosh“ soʻzi asli turkcha boʻlib, Shosh koʻrinishini olgan. „Toshkand – toshli qishloq demakdir“, deb izohlaydi. Mahmud Qoshgʻariyning maʼlumoti boʻyicha, Toshkent 11-12-asrlarda „Tarkan“ deb ham yuritilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur „Boburnoma“da Toshkent nomi ustida toʻxtalib, asarlarda Toshkent nomini Shosh, baʼzan Choch yozadilar" deb qayd etadi. Biroq 16-asr oxiri va 17-asr boshlarida Toshkent toponimi shuhrat topib, uning qadimgi Choch, Shosh va Binkat nomlari asta-sekin muomaladan tushib qoldi. 17-asrda yashagan tarixchi olim Mahmud ibn Vali shunday yozadi: „Shosh – Sayxun (Sirdaryo)ning u tomoniga joylashgan shahar va Turkiston (viloyat)ga qaraydi… Uni Choch ataydilar. Biroq hozirgi vaqtda u Toshkent nomi bilan mashhurdir“. Toshkent vohasida shahar madaniyatining shaqllanib, shaharning qad koʻtarishi shu oʻlkada yashagan qadimgi chorvador va dehqonlarning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotidagi ulkan tarixiy jarayon boʻlib, bu jarayon shubhasiz oʻlkaning oʻzlashtirilib, obod etilishi, ayniqsa, unda chorvachilik va dehqonchilik xoʻjaliklarining tashkil topishi hamda hunarmandchilik, ichki va tashqi savdoning rivojlanish tarixi bilan uzviy bogʻliqdir. Bu jarayonning tarixiy manzarasi nihoyatda keng boʻlib, u yozma manbalarga nisbatan koʻproq arxeologik tadqiqotlar vositasi bilan tiklanmoqda. Shuning uchun ham Toshkent hududida olib borilgan arxeologik tadqiqotlarning natijalari qadimgi va oʻrta asrlarga oid manbalardagi maʼlumotlarni toʻldirib, ularga aniqlik kiritmoqda.

1867-yilda Toshkent Turkiston general-gubernatorligining markaziga aylandi. 1930-yildan 1991-yilgacha Toshkent Oʻzbekiston SSR poytaxti boʻlgan.

Toshkent vohasi Tyan-Shanning gʻarbiy yonbagʻirlaridan boshlanib Sirdaryo etaklariga tushadigan keng togʻoldi tekisligining bir qismida joylashgan. Sharqda u uchta – Ugom, Piskom va Chatqol togʻ tizmalari bilan oʻralgan boʻlib, bu tizmalarni shu nomlar bilan ataluvchi daryolar oqib oʻtuvchi daralar ajratib turadi. Bu daryolar qoʻshilib Chirchiq daryosini hosil kiladi. Chirchiq daryosi Chorvoq havzasining tor darasidan oʻtib, Gʻazalkentdan quyiroqqa tushganda kengligi baʼzi joylarda 20 kmdan oshadigan qadimiy tekislik boʻylab oqadi. Gʻarbda Chirchiq vodiysiga Qizilqumning qaynoq nafasi uriladi. Bu qayirning bir qismini Chirchiq daryosining hozirgi oʻzani egallagan. Janubiy qismida esa vodiyga kirib boruvchi Ohangaron daryosi yastangan. Ushbu tekislik shimolida joylashgan Aris daryosining vodiysi bilan birga bu tabiiy suv tarmoqlari Oʻrta Osiyo dehqonchilik vohalarining chekka mintaqasini tashkil etadi. Undan shimol tomonga qarab esa, yaylovlarga boy boʻlgan poyonsiz choʻl yastanib yotadi.

Chirchiq daryosi havzasi Oʻrta Osiyoning qadimiy dehqonchilik va shahar madaniyatlari beshiklaridan biridir. Uning hududida Toshkentning markazi paydo boʻlgan. Joydan joyga koʻchib turgan bu markaz qadimda va oʻrta asrlarda Choch yoki Shosh, keyin esa Toshkent nomi bilan mashhur boʻlgan.

Toshkent vohasida barcha tarixiy davrlarda suv moʻl-koʻl boʻlgan. Tarixan tarkib topgan kanallar tarmogʻi shaharni suv bilan taʼminlab turgan. Shu bois shahar xech qachon suv taqchilligini sezmagan. Buni oʻrta asrlardan to XIX asrgacha Toshkent toʻgʻrisida yozgan mualliflar xamisha taʼkidlab kelganlar. Bu yerdagi iqlim hozirgi odamlarning ajdodlari paydo boʻlgan, yaʼni bir necha oʻn ming yil muqaddam mavjud boʻlgan iqlimdan farq qilgan. Issiq quruq yoz bilan yillik yogʻin miqdorining asosiy qismi yogʻadigan qahraton qish almashinib turgan.

Toshkentning togʻ yonbagʻirlari va tekisliklar oʻsimliklarga boy boʻlib, ibtidoiy odamlar ovlaydigan yovvoyi hayvonlar juda koʻp boʻlgan. Ularning aksariyati, jumladan, arxar, jayron, qulon va asl bugʻu kabi hayvonlar yaqin vaqtda yoʻqolib bitgan boʻlsa, junli karkidon, gʻor ayigʻi, arslon singari hayvonlar esa ancha ilgari yoʻqolib ketgan. Ular haqida ibtidoiy odamlar manzillarini qazib oʻrganish chogʻida topilgan qoldiqlar orqali maʼlumot olish mumkin.

Bu yerlarda bir necha yuz ming yil avval ovchilik va termachilik bilan kun kechiruvchi ibtidoiy jamoalar gʻorlar va togʻ bagʻri bostirmalarini, yoki daryo sohillari va chashmalar yonidagi ochiq manzillarni egallab makon qilganlar. Bunday joylar hozirgi Toshkent shahri hududida ham mavjud boʻlgan.

Jumladan, Boʻz suv yoqasidagi Qoʻshilish manzilgohidan birmuncha nozik ishlangan chaqmoqtoshlar, pichoqlar, bigizlar, ibtidoiy ustalar tomonidan bundan toʻqqiz ming yil avval yasalgan ov va mehnat qurollari topildi. Topilmalar orasidan yovvoyi buqa tur suaklarining uchrashi, mutaxassislar fikricha, ularning oʻsha vaqtlardayoq xonakilashtirilgan deb taxmin qilishga asos boʻldi. Hayvonlarni xonakilashtirish jarayoni Toshkent vohasi hududida ham kechgan.

Miloddan oldingi uchinchi ming yillikdan boshlab, bu hudud dastlabki chorvadorlar tomonidan oʻzlashtira boshlashgan. Ular ish asboblari va jezdan qurollar tayyorlashni oʻrganganlar. Arxeologlar Toshkent shahri hududi va uning atrofida chorvadorning koʻpdan koʻp qabrlari hamda qoʻrgʻonli dahmalarini topganlar. Bu joylarda dafn etilganlarning yoniga jezdan yasalgan ish asboblari, qurollar, zeb-ziynatlar va qoʻlda yasalgan idishlar ham qoʻyilgan.

Toshkent shahri hududida bunday qabristonlar hozirgi shampan vinosi zavodi yaqinidan, shuningdek, Qoraqamish arigʻi boʻyidan topilgan. Sirgʻalida esa dasht chorvadorlari va yilqichilarining manzili boʻlganligi aniqlangan. Bu yerdan ish qurollaridan tashqari burama halqali jez bilaguzuklar ham topilgan.